Diplomatik izohli lug'at haqida
Lug'at hozirgi o'zbek tilining xalqaro munosabatlarga oid sohasi – siyosat va diplomatiyada qo'llanayotgan 1000ga yaqin termin, so'z birikmasi va nomlarni o'z ichiga olgan. Qo'llanma xalqaro munosabatlar, siyosatshunoslik fanlari o'qitiladigan universitetlar, institutlar tadqiqotchi va talabalari, yosh diplomatlar, tarjumonlar, qolaversa, shu soha bilan qiziqquvchi kitobxonlarga mo'ljallangan.
So'zboshi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning 2019 yil 21 oktyabrda “O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga muvofiq davlat tili to'g'risidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini, sohaga oid muammolarni tahlil etib, bu borada yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta'minlash yuzasidan Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi va yangi so'z va atamalarni rasmiy iste'molga kiritish borasidagi ishlarni tartibga soladigan Atamalar komissiyasi tuzildi.
Qo'lingizdagi “Diplomatik terminlar izohli lug'ati” ham shu ushbu chora-tadbirlarga javob tariqasida sohadagi ehtiyojni bir muncha qondirishga xizmat qiladi, degan maqsadda yaratildi. Kitob o'zbek millatining xalqaro sohadagi ongi va siyosiy madaniyati yuksalishiga, siyosiy masalalar va diplomatik jarayonni o'zbek tilida ifodalab berishga xizmat qiluvchi adabiyotlar, jumladan lug'atlar yaratish sohasiga qo'shilgan baholiqadrat hissa bo'ladi, deb umid qilamiz. Ushbu nashrni amalga oshirishdan ko'zlangan yana bir maqsad siyosat, diplomatiya, umuman xalqaro munosabatlar sohasi mutaxassislari, JIDU talabalari va qolaversa, qiziqquvchilarga shu sohadagi terminlar, birikma va nomlarni o'rganish va o'z faoliyatlarida qo'llash imkoniyatini yaratish bo'ldi.
Shu o'rinda hamma sohalarda kabi diplomatiya tili ham o'z terminlari tizimiga ega ekani, uning lug'at boyligi diplomatik, tarixiy, madaniy, lingvistik, huquqiy va boshqa xil iboralardan tashkil topganini eslatib o'tish lozim.
Diplomatiya tili uchun uzun jumlalar, iboralar, kirish so'zlari va bog'lovchilarning ko'pligi xos. Diplomatik til rasmiy tildan, xususan, xalqaro siyosat tilidan, jurnalistika tilidan, ma'lum darajada badiiy-adabiy tildan ham ancha farq qiladi.
Ta'kidlash joizki, diplomatik atamalar asosan lotin, ingliz, frantsuz tillarida yaratilgan yoki ular orqali vositachi tillar sifatida kirib kelgan. Har qanday zamonaviy tilda diplomatiya va siyosatga tegishli terminlar faol rivojlanmoqda, shuning uchun insonning diplomatiya va tashqi aloqalar bilan bog'liq aqliy faoliyati natijalari terminlarda ifodalanmoqda, deb taxmin qilish mantiqan to'g'ri.
Lug'atdagi atamalarni tanlashda o'zbek tili mezonlariga, til normalariga rioya qilindi. Lug'at ushbu sohadagi dastlabki izlanish sifatida uni tuzishda lug'atchilikning barcha an'ana va qoidalariga rioya qilishga hamda xalqaro hayotda, siyosatda qo'llanayotgan diplomatik terminlarni imkon qadar to'plashga harakat qilindi.

